Toshkent shahar hokimligining Vazyatlar markazida Sergeli tumanidagi maktablarda joriy etilgan mazkur tizim taqdimoti o‘tkazildi.
«SI Davomat» orqali o‘quvchilarning maktabga kelishi va darslarda qatnashishi smart-kameralar hamda Face ID texnologiyasi yordamida avtomatik ravishda qayd etiladi. Bu, ayniqsa, o‘quvchilarning dars qoldirish holatlarini muntazam kuzatib borish va takroriy davomatsizlikni aniqlash imkonini beradi.
Tizim o‘quvchining nafaqat maktabga kelgani, balki muayyan fanlar bo‘yicha darslarda qatnashmaganini ham aniqlaydi. Shu orqali qaysi o‘quvchi qaysi fanlardan muntazam dars qoldirayotgani haqida ma’lumot shakllantiriladi.
O‘quvchi sababsiz dars qoldirsa, uning ota-onasiga avtomatik ravishda SMS-xabarnoma yuboriladi. Shuningdek, bu haqdagi ma’lumot maktab direktori, profilaktika inspektori, Milliy gvardiya xodimi va mahalla vakillariga ham yetkaziladi.
«ERP Maktab» va Sog‘liqni saqlash vazirligining DMED tizimlari bilan integratsiyalashuv esa kasallik sababli dars qoldirish holatlarini avtomatik ravishda hisobga olish imkonini beradi. Natijada uzrli va uzrsiz davomatsizlik holatlarini ajratish osonlashadi.
Tizimda to‘plangan ma’lumotlar o‘quvchilar davomati bilan bog‘liq muammolarni erta aniqlash, ularning sabablarini o‘rganish va oila hamda maktab o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ayni paytda «SI Davomat» Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda ishlamoqda. Ushbu maktablarda 446 ta smart-kamera o‘rnatilgan.
Shu bilan birga, tizim orqali darslarning tashkil etilishi, o‘quvchilarning faolligi va o‘qitish usullari ham fanlar, sinflar hamda o‘qituvchilar kesimida tahlil qilib boriladi.
Aprobatsiya natijalari «SI Davomat» tizimini Toshkent shahridagi boshqa maktablarda bosqichma-bosqich joriy etish uchun asos bo‘ladi.