“Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–1163-son) 2026-yil 7-avgustda qabul qilindi.

Qonunning asosiy maqsadi rieltorlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Hujjatga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rieltorlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Qonunga koʻra, rieltor boʻlish istagidagi talabgor rieltorlarni oʻqitish dasturidan oʻtishi va malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirishi lozim.

Shundan soʻng unga professional jamoat birlashmasi tomonidan shtrix-kodli rieltorlik malaka sertifikati beriladi.

Rieltor faoliyatini rieltorlik tashkiloti tarkibida amalga oshiradi va tegishli malaka sertifikatiga ega boʻlishi shart.

Shuningdek, rieltorlik tashkiloti va koʻchmas mulk boʻyicha agent oʻzi haqidagi maʼlumotlar Yagona reyestrga kiritilgan sanadan boshlab rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻladi.

Qonun bilan rieltorlik xizmatlarining asosiy turlari ham belgilab berildi.

Ular jumlasiga:

  • koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlarga doir bitimlarni tuzishda vositachilik qilish;
  • koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlarning savdosini tashkil etish;
  • koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish;
  • koʻchmas mulk bozorida axborot, maslahat va reklama xizmatlarini koʻrsatish kiradi.

Qonunda rieltorlik sohasida multilisting tizimidan foydalanish ham nazarda tutilgan.

Mazkur tizim xususiy sektor tomonidan tashkil etiladi. U rieltorlik xizmatlarini muddatli shartnomalar asosida “yagona darcha” prinsipi boʻyicha koʻrsatish imkonini beradi.

Shuningdek, multilisting tizimi orqali koʻchmas mulk bozori ishtirokchilari oʻrtasida elektron shaklda ishonchli axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi.

Yangi qonun rieltorlik faoliyatini tartibga solish, soha ishtirokchilarining huquqiy maqomini aniq belgilash hamda koʻchmas mulk bozorida xizmatlar koʻrsatishning yagona qoidalarini shakllantirishga qaratilgan.