Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov soha xodimlari va aholiga murojaat qilib, tibbiyot tizimida korrupsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Vazirning qayd etishicha, Prezident tomonidan korrupsiya mamlakat taraqqiyotiga jiddiy tahdid sifatida baholanib, unga qarshi tizimli kurashish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu asosda Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasi ham qayta tashkil etilib, zamonaviy yondashuvga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirilmoqda.

Murojaatda ilk bor korrupsiyaga qarshi kurashish va komplaens masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgani, ichki nazorat tizimi esa Komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boshqarmasiga aylantirilgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida masofaviyaudit.uz avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali vazirlik tizimidagi tashkilotlarda 979 ta holatda 514,9 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar erta aniqlanib, bartaraf etilgani qayd etildi.

Tug‘ruq muassasalarida «suyunchi» puli yoki kesarcha kesish amaliyoti uchun noqonuniy haq talab qilish holatlarining oldini olish maqsadida barcha tibbiyot muassasalarida «Sirli mijoz» tadbirlari joriy etilgan.

Vazirning ta’kidlashicha, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Ochiqlik indeksida Sog‘liqni saqlash vazirligi 87,2 ball to‘plab, 97 ta tashkilot orasida 60 pog‘ona yuqorilagan va ilk bor «yashil» darajaga chiqqan.

Murojaatda 2026 yil 1 iyuldan boshlab «Raqamli komplaens» axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushirilishi, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat faoliyati «E-Komplaens» elektron moduli orqali to‘liq raqamlashtirilishi hamda sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash mexanizmlari joriy etilishi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, vazir hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari va barcha davolash-profilaktika muassasalarida kadrlarni yangilash ishlari davom ettirilishini bildirdi. Bu jarayonda aholidan kelib tushayotgan murojaat va shikoyatlar asosiy mezon bo‘lishi qayd etildi.

Eldor Adilov fuqarolarni tizimdagi korrupsiyaviy holatlar, manfaatlar to‘qnashuvi, byurokratik to‘siqlar yoki noqonuniy to‘lovlar haqida vazirlikning 1203 qisqa raqamli «Ishonch telefoni» yoki info@ssv.uz elektron pochtasi orqali xabar berishga chaqirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir murojaat tezkor tartibda ko‘rib chiqiladi, murojaat etuvchilarning shaxsi va taqdim etilgan ma’lumotlarning maxfiyligi to‘liq kafolatlanadi.