Olimlar shaharlarda hayvonlar xulq-atvori ularning qishloqdagi turdoshlariga nisbatan qanday o‘zgarishini tahlil qilishdi, xabar beradi naked-science.ru.
Shu paytgacha tadqiqotchilar jonzotlar turlarining shahar va shahar atrofidagi populyatsiyalarining xatti-harakatlarini miqdoriy jihatdan taqqoslamagan. Shunga ko‘ra, global miqyosda turli turlarda urbanizatsiya bilan bog‘liq xulq-atvor o‘zgarishlari to‘g‘risida umumlashtiruvchi xulosalar mavjud emas.
Global tahlil davomida olimlar hayvonlar xulq-atvorining o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan 80 ta ilmiy ish ma’lumotlarini birlashtirdi. Ushbu tadqiqotlarda 28 mamlakatda mavjud 133 turdagi hayvonlarni qamrab oldi, bunda shahardagi jonzotlar qishloqda yashaydiganlariga qaraganda o‘zini dadilroq, tajovuzkor, qiziquvchan va faol tutishini ko‘rsatdi.
Bu yo‘nalishdagi ilmiy ishlarning 70% dan ortig‘i qushlarga bag‘ishlangan. Lekin bunda hasharotlar, suvda hamda quruqlikda yashovchi jonzotlar va sudralib yuruvchilar haqida ma’lumotlar kamroq bo‘lgan. Bu shuni ko‘rsatadiki, urbanizatsiyaning xulq-atvorga ta’siri yetarlicha o‘rganilmagan. Tadqiqot natijalari Animal Ecology jurnalida e’lon qilingan.
Hayvonlarning turli yashash sharoitlaridagi xulq-atvor xususiyatlarini tahlil qilish ularning atrof-muhit bilan o‘zaro ta’sirida hayotiy tajribasi qanday shakllanishini tushunish imkonini beradi. Irsiy va takrorlanuvchi xulq-atvor ma’lum bir hayvon turining o‘ziga xos hatti-xarakatini ifoda etadi. Qo‘rqmaslik, qiziquvchanlik, tajovuzkorlik va faollik kabi xususiyatlar esa omon qolish va shahar muhitiga moslashish imkoniyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Aynan shu xususiyatlar qushlar, sut emizuvchilar, amfibiyalar, sudralib yuruvchilar va hasharotlarning yovvoyi populyatsiyalarida urbanizatsiya bilan bog‘liq xulq-atvor farqlarini tahlil qilishga asos bo‘ldi.
Qo‘rqmaslik – xavfga nisbatan individual reaksiya, tajovuzkorlik – individlarning turdoshlariga nisbatan o‘zini tutishi, faollik – individning harakatchanlik darajasi, tadqiqotchilik qiziqishi – xavf mavjud bo‘lmagan yangi vaziyatlarda o‘zini tutishi sifatida talqin etildi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, shahardagi jonzotlar shahar tashqarisidagi turdoshlariga qiyosan olganda dadil, faol, tajovuzkor va qiziquvchan xulq-atvorni namoyon etadi. Masalan, chittaklar, sariq boshli korelkalar va oddiy chigirtkalar shahar hayotiga moslashadi.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, shaharsozlar urbanizatsiya kuchayib borayotgan sharoitda hayvonlarning xulq-atvor xususiyatlarini hisobga olishlari kerak. Bu shahar hayvonlari subpopulyatsiyalari o‘rtasida aloqa va genetik almashinuvni ta’minlash uchun o‘zaro bog‘liq yashil hududlarni yaratishni ham nazarda tutadi.